Topkapı saroyining tashqi devorlari ichida joylashgan Koshinli koshk asosiy kirish eshigi ustidagi koshinli yozuvga ko’ra 1472 yilda Sulton Mehmed II tomonidan yozgi saroy yoki koshk sifatida qurdirilgan. Xalq orasida va ayrim manbalarda Sırça Koshk yoki Sırça Saroy deb ham ataluvchi bu bino sultonning tashqi bog’larda turli me’moriy an’analarni aks ettiruvchi uchta alohida koshkidan bugungi kungacha saqlanib qolgan yagona namunadir.
Koshk me’mori aniq ma’lum bo’lmasa-da, ba’zi manbalarda uni me’mor Atik Sinan qurgani ko’rsatilgan. Bundan tashqari, Frants Babinger binoni 1465-1466 yillarda Karamaniylar mag’lubiyatidan keyin Istanbulga keltirilgan Konya va Larendelik ustalar qurgan bo’lishi mumkinligini taxmin qilgan. Zamonaviy tarixchi Shikariyning Larenddagi koshin bezakli Karamaniylar saroylarini Usmonlilar vayron qilgani haqidagi ma’lumotlari hamda koshk nomida Eronda keng tarqalgan kashi o’rniga Konya mintaqasida ishlatiladigan sırça so’zining ishlatilishi bu bog’liqlikni qo’llab-quvvatlaydi.
Tursun Beyning Sultonning yangi saroyi uchun Erondan ustalar keltirilganini ta’kidlashi va sanasi ko’rsatilmagan forscha maktubda Xurosonlik koshin ustalari koshkni tugatgandan so’ng yangi ish talab qilgani haqidagi ma’lumotlar binoning bezaklarida sayyor usta guruhlari rol o’ynaganligi haqidagi rivoyatni kuchaytiradi. Shuningdek, Oq qo’yunli hukmdori Uzun Hasan Tabrizda qrurgan Hasht Behesht saroyi bilan bir davrga to’g’ri kelishi bu temuriylar koshk turining o’sha davrdagi nufuzini aks ettiradi.
Koshinli koshk Usmonli me’morchiligida keng tarqalmagan, Eron va O’rta Osiyo kelib chiqishiga ega temuriylar uslubida loyihalashtirilgan. Binoning kvadrat va o’qsimon rejasi dunyoning to’rt tomonini anglatib, me’moriy jihatdan sultonning umumjahon hokimiyati va hukmronligini ifodalovchi ramziylikni o’z ichiga oladi. Tashqi fasadda ishlatilgan sirli g’ishtlar esa Samarqanddagi Bibi Xonim masjidi bilan bog’liq O’rta Osiyo ta’sirini yaqqol namoyon etadi.
Qiyalik yerda qurilganligi sababli asosiy kirishdan faqat bir qavati ko’rinadigan bu bino aslida ikki qavatlidir. Fors me’morchiligining tipik xususiyatlari bo’lgan tosh hoshiyali g’isht terish va ko’pburchak ustunlar bilan bir qatorda, 18-asrda qayta tiklangan ustunli terasta ham mavjud. Yashil koshinlar bilan o’ralgan kamar ortidan kiriladigan baland gumbazli hovlining ortida markaziy qismi apsis shaklida tuzilgan uchta hukmdor xonasi joylashgan.
Vaqt o’tishi bilan vazifasi o’zgargan koshk 1875-1891 yillarda Muzeyi Humoyun, ya’ni Imperatorlik muzeyi vazifasini bajargan. 1953 yilda Turk va Islom san’ati muzeyi nomi bilan jamoatchilikka ochilgan bino keyinchalik Istanbul arxeologiya muzeylari tarkibiga kiritilgan. Bugungi kunda u tashrif buyuruvchilarni kutib olib, Saljuqiylar va Usmonlilar davriga oid İznik koshinlari va keramika namunalarini namoyish etmoqda.
Wikimedia research dossier · Oxirgi tekshiruv: 2026-09-17 06:31:31


