Istanbul shahrining markazida, Beyazit, Nuruosmaniye va Mercan tumanlari o’rtasida joylashgan Yopiq bozor dunyodagi eng yirik va qadimiy yopiq bozorlardan biri hisoblanadi. Unda qariyb 4000 ta do’kon mavjud bo’lib, taxminan 25000 kishini ish bilan ta’minlaydi va gavjum kunlarda 500000 ga yaqin odamni qabul qilishi mumkin. 2014-yilda 91250000 nafar tashrif buyuruvchi bilan dunyodagi eng ko’p tashrif buyuriladigan sayyohlik maskani unvonini olgan va ko’pincha dunyodagi ilk savdo markazi sifatida tilga olinadi.Yopiq bozorning o’zagini tashkil etuvchi Ichki Bedesten yoki boshqacha nomi bilan Cevahir Bedesteni qurilishi Usmonlilar Konstantinopolni zabt etganidan ko’p o’tmay 1455/56-yil qishida boshlangan. O’lchami 48 metrga 36 metr bo’lgan ushbu ilk binoning Vizantiyadan qolgan inshoot ekanligi haqida olimlar o’rtasida munozaralar mavjud. Bozorning tashkil etilgan yili sifatida qabul qilingan 1460-yilda esa Sulton Mehmed II tomonidan Bursa matolari sotiladigan Sandal Bedesteni qurdirilgan.Asl yirik bozor keyingi davrda Sulton Sulaymon Qonuniy tomonidan yog’ochdan qurdirilgan. Vaqt o’tib rivojlanib ulg’aygan 30700 kvadrat metr maydonga yoyilgan ushbu ulkan labirintda 66 tacha ko’cha mavjud. Tarixan majmua ichida 5 ta masjid, 1 ta maktab, 7 ta buloq, 10 ta quduq, 1 ta sebil, 1 ta shadrivan, 24 ta darvoza va 17 ta xon mavjud bo’lgan.O’n beshinchi asrdan qolgan qalin devorli va gumbazli ikkita eski binoning atrofi vaqt o’tishi bilan rivojlanib borayotgan ko’chalarning usti yopilishi natijasida ulkan savdo markaziga aylantirilgan. Barcha do’konlar bir xil kenglikda qurilgan bo’lib, har bir ko’chada ma’lum kasb egalari uyushmalar holida faoliyat yuritgan, masalan, ko’rpa tikuvchilar, poyabzalchilar. Sotuvchilar o’rtasida raqobat qат’iy taqiqlangan va mahsulotlarga davlat belgilaganidan yuqori narx qo’yilmagan.Tarixi davomida zilzilalar va yirik yong’inlar tufayli ko’p bor zarar ko’rgan Yopiq bozor og’ir talafotlar olgan. Masalan, 1894-yilgi Istanbul zilzilasida bozorning ayrim devorlari va bitta gumbazi qulab tushgan, Mahmud Celaleddin Posho nazorati ostida ta’mirlangan bozorning chegaralari shu davrda kichraytirilgan. Yigirmanchi asrda ham 1943 va 1954-yillarda yong’inlarni boshdan kechirgan majmua oxirgi marta 1980-yilda keng qamrovli restavratsiyadan o’tkazilgan.Bugungi kunda Yopiq bozordagi ko’plab ko’chalarning do’konlari o’z funksiyasini o’zgartirgan, ko’rpa tikuvchilar yoki poyabzalchilar kabi eski kasb guruhlari shunchaki ko’cha nomi bo’lib qolgan. Asosiy ko’chalarda zargarlik va oltin do’konlari ko’paygan bo’lsa, kichik do’konlarda savdolashish orqali savdo qilinadi. Kuning istalgan soatida gavjum bo’lgan bozorda qo’lda to’qilgan gilamlar, kumush buyumlar, mis sovg’alar va charm mahsulotlari tashrif buyuruvchilarga taqdim etilmoqda.
Wikimedia research dossier · Oxirgi tekshiruv: 2026-08-13 04:31:30


